$
 12865.66
-8.36
 13510.23
-48.69
 125.14
-3.07
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 12-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

Rossiya bilan yangi xalqaro bitim tasdiqlandi

“Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-388-son, 08.11.2024 y.) qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2024-yil 27-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin belgilangan tartibda uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.

O‘zbekiston dunyodagi eng yirik dekarbonizatsiya dasturlaridan biriga rahbarlik qilmoqda

BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi vakili Marko Arselli o‘z fikrlarini bildirdi: “Dunyo yetakchilari iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun yiliga bir marta yig‘iladi. Joriy yil COP29da rivojlanayotgan iqtisodiy bozorlarda moliyalashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Aksariyat hollarda O‘zbekistonni dekarbonizatsiya sohasidagi yetakchi mamlakat sifatida ko‘rsatib beramiz. “Aquaponics” kompaniyasi qayta tiklanadigan energiya manbalarini qurish uchun mamlakatni yirik investitsiyalar – yaqin bir necha yil ichida qariyb 15 milliard dollar bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Bunga kam emissiyaga ega bo‘lgan gaz bilan ishlaydigan kombinatsiyalangan siklli elektr stansiyalarini tarmoqqa birlashtirish uchun batareyalarni saqlash singari vazifalar kiradi. 

O‘zbekiston investorlar bilan ochiq muloqot va tezkor qarorlar qabul qilish bilan ajralib turadigan istiqbolli yetakchilikning keys-stadi bo‘lib xizmat qiladi. Hozirgi vaqtda u dunyodagi eng yirik dekarbonizatsiya dasturlaridan biriga rahbarlik qilmoqda. 

Jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishi kun tartibi doirasida dekarbonizatsiya haqida uzoq vaqtdan beri gapirib kelmoqda. Tan olish kerakki, kelajakda bo‘lsada, uglerod chiqindilarini kamaytirish ancha qimmatga tushadigan loyiha.”

Bosh prokuratura va Saudiya Arabiston podshohligi prokuraturasi o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining taklifiga binoan Saudiya Arabiston podshohligi bosh prokurori shayx Saud Abdullah al-Muajib boshchiligidagi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 7-noyabr kuni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Saudiya Arabiston podshohligi bosh prokurori shayx Saud Abdullah al-Muajib bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Konstruktiv muloqot davomida tomonlar huquqiy hamkorlik masalalarini, shuningdek, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Saudiya Arabiston podshohligi prokuraturasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Delegatsiya rahbarlari mazkur hujjat idoralararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi turtki bo‘lishiga ishonch bildirdi.

“Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi

Prezident 08.11.2024-yildagi “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi O‘RQ-995-sonli Qonunni yangi tahrirda imzoladi. Hujjat qishloq xo‘jaligi kooperativini tuzish, faoliyat yuritish, qayta tashkil etish va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

30.04.1998-yildagi “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkati) to‘g‘risida”gi 600-I-sonli oldingi Qonun bozor mexanizmlarini, shuningdek tabiiy resurslardan samarali foydalanish zaruratini aks ettirmagan.

Hujjatda kooperativlarni tuzish, ularda ishtirok etish, boshqarish, nazorat qilish, tashqi audit, ularni qayta tashkil etish va tugatish tartibi nazarda tutilgan. Qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan birga kooperativ qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish huquqiga ega.

Kooperativ kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxs tarkibida tuzilishi mumkin. Kooperativ ustavida kooperativga kirish shartlariga qo‘yiladigan quyidagi qo‘shimcha talablar nazarda tutilishi mumkin:

kooperativ a’zoligiga qabul qilinayotgan jismoniy shaxsning malaka darajasi;

kooperativga qabul qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning kooperativ joylashgan joydan uzoqligi. 

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025-yil 12-fevraldan kuchga kiradi.