$
 12780.14
11.84
 13980.20
19.34
 133.11
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 17-sentyabrning eng muhim voqealari dayjesti

positive

O‘zbekistonda xalqaro darajadagi energetik kadrlar tayyorlanadi

Rossiyaning “MISIS” Fan va texnologiya universiteti 30 yildan ortiq vaqt mobaynida iqtisodiyot sanoat sektorining asosiy tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlab kelmoqda. 2018 yilda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida ushbu oliygohning filiali ochilganidan keyin hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2018 yilda filialga uchta ta’lim yo‘nalishi: “Konchilik”, “Metallurgiya” va “Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish” yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilindi.

O‘tgan 2023 yilda filialning "biznes hamkorlari" talabiga binoan Rosta’limnazoratidan "Axborot texnologiyalari" va "Iqtisodiyot" ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha litsenziyalar olindi. 

Rosta’limnazorati qaroriga ko‘ra, "MISIS" Fan va texnologiya universitetining Olmaliq filiali "Elektr energetikasi va elektrotexnika" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha litsenziya oldi. 

Axborot agentliklari hamkorligi muhokama qilindi

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) axborot agentliklari ittifoqi UNA-OIC bosh direktori Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy Rossiyaning TASS axborot agentligi bosh direktori Andrey Kondrashov bilan uchrashdi.

Muloqot davomida tomonlar imzolagan memorandum doirasida TASS va Ittifoq o‘rtasidagi hamkorlik masalasi muhokama qilindi. Bu Ittifoqqa a’zo davlatlar axborot agentliklari va Rossiya ommaviy axborot vositalari o‘rtasida yangilik almashinuvini kuchaytirish, shuningdek turli o‘quv dasturlari tashkil etish imkonini beradi.

Intellektual mulk sohasida mintaqaviy hamkorlik kuchaytiriladi

Xitoyning Pekin shahrida Milliy intellektual mulk ma’muriyati va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bilan birgalikda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi mamlakatlarining intellektual mulk bo‘yicha uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Konferensiyada intellektual mulk sohasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlar orqali innovatsiya va ijodkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

“O‘zbekfilm” bo‘ylab ekskursiya 

“O‘zbekfilm” kinokonserni”, korxona pavilyonlari, “O‘zbekfilm” kichik pavilyonida “Maxtumquli” tarixiy-badiiy filmi uchun ishlangan dekoratsiyalar bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. 

1925-yilda tashkil etilgan “Sharq yulduzi” kinofabrikasi 1936-yildan “O‘zbekfilm”, deb nomlangan. Kinokorxonaga 1979-yilda “Komil Yormatov”nomi berilgan. Kinokonsern tomonidan ko‘plab milliy kino durdonalari, jumladan, “Tohir va Zuhra”, “Alisher Navoiy”, “Maftuningman”, “O‘tgan kunlar”, “Sen, yetim emassan” kabi filmlar ishlab chiqarilgan.

Теги :
Жамият