$
 12865.66
-8.36
 13510.23
-48.69
 125.14
-3.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Turfirmalar “ov”i: Litsenziyasiz Umra xizmatlari va noqonuniy turistik reklamalarga chek qo‘yildi

Raqobat qo‘mitasiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan turistik firmalari xizmatiga bir qancha e’tirozlar bildirgan iste’molchilardan murojaatlar kelib tushgan.

Litsenziyasiz Umra xizmatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12 oktyabrdagi 668-sonli “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan monitoring ishlari o‘tkazildi.  

Monitoring o‘tkazish davomida Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyasi mavjud bo‘lmagan “Musaffo travel”, “Evro turistik” va “Aral travel” tur firmalari tomonidan Umra ziyorati to‘g‘risida reklamalar joylashtirilganligi aniqlandi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha Qo‘mita xodimlari tomonidan jamiyatlar rahbarlariga yuqorida keltirilgan qaror talablariga asosan Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya bo‘lishi shartligi tushuntirildi hamda joylashtirilgan reklamalar joyida olib tashlandi.

Fuqaroga 700 AQSH dollari qaytarilib berildi

Bundan tashqari, Qo‘mitaga kelib tushgan fuqaro murojaatida iste’molchi “Iskander tours” MCHJ turistik firmasi bilan shartnoma tuzib 700 AQSH dollari to‘laganligiga qaramasdan shartnoma shartlari bajarilmaganligidan noroziligini bildirib, to‘lagan pulini qaytarib berishda amaliy yordam so‘ragan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida fuqaroga to‘lagan mablag‘i qaytarilib berilishi ta’minlandi.

“Sam Air” fuqaroning 800 dollar ortiqcha to‘lovini qaytardi

Samarqand viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan fuqaro, “Air Samarkand” (“Sam Air” MCHJ) aviakompaniyasidan bir nechta muammolar yuzasidan noroziligini bildirib, sarflagan mablag‘larini qaytarishda yordam so‘radi. O‘rganish jarayonida fuqaro Vetnamning Nachan shahriga 12 kunlik turpaket xarid qilgani, qo‘shimcha 800 AQSH dollar to‘lab “ekonom” klassdan “biznes” klassga o‘tganiga qaramay, ushbu o‘zgarish amalga oshirilmaganligi aniqlandi. Natijada, “Sam Air” MCHJ tomonidan fuqaroga ortiqcha to‘langan 800 AQSH dollari qaytarib berildi va bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun kompaniya vakillariga tegishli tushuntirishlar berildi.

Poytaxtdagi turistik firmalar ustidan 15 ga yaqin shikoyat kelib tushgan

Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga yil davomida “EUROVIZA”, “Meridian travel”, “The travel time”, “Travel by Deniz” MCHJlar ustidan 15 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, mazkur murojaatlarni o‘rganilganda iste’molchilarga sifatsiz xizmat ko‘rsatilganligi sababli 99,1 million so‘m miqdordagi pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlangan.

Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga yo‘llangan fuqaro murojaatida “Pegas” turistik agentligidan ko‘rsatilmagan xizmat uchun 2 million 450 ming so‘m pul mablag‘ini qaytarishda amaliy yordam so‘ralgan.

Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, “Pegas” turistik agentligidan foydalanilmagan xizmat uchun to‘lov mablag‘i iste’molchiga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.

Andijon viloyati hududiy boshqarmasiga kelib tushgan murojaatlarga asosan turizm faoliyati ("Umra" ziyorati) bilan shug‘ullanuvchi tur operatorlari o‘rganildi.

Jumladan, “Ihlos travel 1”, “Salaam”, “Zaytuntravel”, “Sultontravel” MCHJlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 5, 16-moddalari talablariga rioya etilmaganligi sababli boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.